Ostona xalqaro moliya birjasi rahbari Tim Bennet O‘zbekistonda barqaror kapital bozorini tashkil etish afzalliklari haqida so‘zlab berdi
Ostona xalqaro moliya birjasi rahbari Tim Bennet O‘zbekistonda barqaror kapital bozorini tashkil etish afzalliklari haqida so‘zlab berdi

Ostona xalqaro moliya birjasi O‘zbekistonning yetakchi internet nashrlari muxbirlari uchun media-tur uyushtirdi. Media-tur davomida jurnalistlar birja faoliyati haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi, shuningdek Ostona xalqaro moliya birjasi bosh direktori Tim Bennet bilan uchrashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Tim Bennet jurnalistlar bilan muloqotda birja faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek O‘zbekistonda barqaror kapital bozorini tashkil etishning afzalliklari haqida so‘zlab berdi.

“Biz sotuvchilarga turli mahsulotlarni sotish, xaridorlarga esa ularni sotib olish imkonini beruvchi infratuzilma yaratamiz. Bu dunyoning istalgan nuqtasidagi meva va sabzavotlar sotiladigan bozorga o‘xshaydi. Biz infratuzilma yaratdik, bozor tashkil etdik, galdagi vazifamiz sotuvchi va xaridorlarni topish”, — deydi Tim Bennet.

Tim Bennetning ta’kidlashicha, iqtisodiy o‘sishning drayveri hisoblangan kapital bozori Markaziy Osiyoda u qadar rivojlanmagan.

“Global moliyaviy inqiroz boshlanganidan buyon tartibga solish tizimlarida juda ko‘p o‘zgarishlar yuz berdi. Bu global investitsiya banklari va investorlar uchun rivojlanayotgan bozorlarga sarmoya kiritish uchun juda ko‘p qiyinchiliklarni keltirib chiqardi. Ular Qozog‘iston va O‘zbekistonda qonun va qoidalarni yaxshi tushunmagani hamda pul yuvish, moliyaviy xavf-xatarlardan qo‘rqqanligi sababli ushbu bozorlarga chiqishni istamaydi.

Masalaning ijobiy tomoni shundaki, Qozog‘iston va Markaziy Osiyoga sarmoya kiritishga tayyor bo‘lgan chegara bozori fondlarida yuz milliardlab dollar mavjud. Buning sababi shundaki, bu mamlakatlar iqtisodiy o‘sishning yaxshi istiqboliga hamda nisbatan barqaror hukumatlarga ega, shuningdek Xitoy, Hindiston va Rossiya kabi yirik bozorlarga yaqin”, — deydi Ostona xalqaro moliya birjasi bosh direktori Tim Bennet.

U so‘zlarini davom ettirar ekan, birja aksionerlari ko‘proq investorlarni jalb etishdan manfaatdor ekanligini ta’kidlab o‘tdi:

“Bizning aksionerlarimiz, umuman olganda Qozog‘iston hukumati ko‘proq investorlarni jalb etish, mahsulotlarimiz turlarini kengaytirishdan manfaatdormiz.  Bunday yondashuvning afzalligi esa birinchi o‘rinda prezident yaratgan allaqachon mavjud bo‘lgan infratuzilmadan foydalanish.

Likvidlik ko‘prigi deb ataluvchi ibora bor. Ya’ni biz qancha ko‘p mahsulot taqdim etsak, bizda shuncha ko‘p investorlar bo‘ladi. Yoki buning aksi. Agar bizda ko‘p investorlar bo‘lsa, biz shuncha ko‘p mahsulot taqdim eta olamiz.

Bu O‘zbekiston kabi davlatlar uchun qanday foyda keltiradi? Masalan, bu holat O‘zbekistonni qanday qilib o‘z kapital bozorini rivojlantirishga ahamiyat qaratishga undaydi. Bu yerda ikkita o‘ta muhim punktni sanab o‘tish kerak.

Birinchidan, mahalliy investorlarni investor va brokerlar bazasiga kiritish,

Ikkinchidan, xususiylashtirish dasturining amalga oshirilishi, ya’ni ushbu aktivlarning bir qismini sotish imkoni bo‘lishi va kapital mamlakatga kelib tushishi kerak”.

Shuningdek, Tim Bennet Ostona xalqaro moliya birjasi qanday ishlarni amalga oshirayotgani va uning asosiy maqsadi nimalardan iborat ekanligiga ham to‘xtalib o‘tdi:

“Bizning birinchi ustuvor vazifamiz bu nazorat qilish hisoblanadi. Xalqaro investorlarda ularga tushunarli muhit bo‘lishini ta’minlaymiz.

Ikkinchidan, esa bu infratuzilma. Xalqaro investorlar jahon savdo standartlaridan foydalana olishi kerak.

Uchinchidan, bu yo‘llarning ochiqligi. Investorlarga hamma narsa tushunarli, kamxarj bo‘lishi kerak.

Bizning faoliyatimizdan asosiy maqsad biznesga kapitalni jalb etishga ko‘maklashish, bu orqali esa mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta’minlash.

Jamiyatda keng tarqalgan umumiy fikrlardan farqli ravishda, biz fond birjasida hech qanday pul ishlab topmaymiz. Ya’ni davlat tomonidan fond birjasi tashkil etishdan asosiy maqsad, bizda qandaydir pul topish imkoni bo‘lishi emas, balki kompaniyalarga kapital jalb etish imkonini taqdim etib, mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta’minlaymiz”.

Sevara Nishonova 

xit․uz rss
1 months ago
Lignoom.com © 2019